[lang_ru][/lang_ru]
[lang_uz]Bugun[/lang_uz][lang_ru]Сегодня[/lang_ru][lang_en]Today[/lang_en]
SSKA safarda g‘alabani ushlab qololmadi, Fayzullayevdan faol o‘yin
+24°
ясно ветер 2.1 м/с, В

Abduqodir Husanovning o‘yinsiz seriyasi atrofidagi savollar va javoblar

Sport 0

Abduqodir Husanovning o‘yinsiz seriyasi atrofidagi savollar va javoblar
Abduqodir Husanov bir oydan beri «Manchester Siti» safida maydonga tushgani yo‘q. U oxirgi marta 30 mart kuni, Angliya kubogi chorafinalida «Bornmut»ga qarshi o‘yinning tanaffusida zaxiraga olingandi va shundan keyin jamoaning barcha turnirlar doirasidagi olti o‘yinida biror daqiqa ham o‘ynamadi.

O‘tgan vaqt davomida bu mavzu o‘zbekistonlik futbol muxlislari diqqat markazida bo‘lib turdi, o‘yinsiz seriyaning sabablari haqida turlicha taxminlar bildirildi, aqlga sig‘mas darajadagi versiyalar ham bo‘ldi. Quyida Abduqodir jamoasining asosiy tarkibidan tushib qolishi atrofida qanday gaplar bo‘lib o‘tganini eslaymiz.

O‘zbekistonga safar

Yomon tasodif shundaki, Husanov zaxiraga olinishi O‘zbekistonga kelib ketishi ortidan ro‘y berdi – tabiiy ravishda muxlislar o‘rtasida, futbol jamoatchiligida bu ikki voqeani o‘zaro bog‘lash avj oldi.

Lekin Husanovning Toshkentga tashrifi chog‘idagi turli rolik va tadbirlarda ko‘ringani uchun murabbiy tomonidan jazolanmoqda yoki sport formasini yo‘qotib qo‘ygan, degan farazlar vaqt o‘tib asosini yo‘qotdi, deyish mumkin. Chunki maydonga tushmayotgan bo‘lsa-da, Husanov «Lester»ga qarshi o‘yinni hisobga olmaganda keyingi barcha uchrashuvlarda qaydnomaga kiritilmoqda. Biror tarbiyaviy qaror yoki sport formasi tushib ketgani sabab bo‘lganida, Gvardiola uni birato‘la asosiy jamoadan vaqtincha chetlatgan bo‘lardi. Zero murabbiyning o‘zi tarkib kattaligi va ba’zi futbolchilar ro‘yxatdan tushib qolayotgani haqida alohida gapirdi ham. Ya’ni, ayni damda «Siti» tarkibida nafaqat asosiy tarkibda, balki qaydnomada ham Abduqodirning o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan futbolchilar yetarli.

Jarohat

Futbolchida jarohat borligi haqidagi ma’lumot O‘zbekiston milliy jamoasi ustozi Timur Kapadze tilidan yangragandi. U Husanovning o‘zi bilan gaplashgani, jahon chempionati saralash o‘yinlari uchun uzoq safarlardan keyin tiklanish talab etilgani, shu tufayli «Bornmut»ga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limida boshqa jamoadoshlari kabi uning ham o‘yini chiqmagani, sariq kartochka olgani uchun Gvardiola uni almashtirgani, qolaversa, o‘yindagi to‘qnashuv chog‘ida oyog‘idan kichik jarohat olganini aytib bergandi.

Ammo keyinroq bu aslida jiddiy sabab emasligi ma’lum bo‘ldi. Unda yengil lat yeyish kuzatilgan bo‘lishi mumkin, lekin bu tarkibdan tushib qolishga sabab bo‘ladigan darajadagi jarohat emasdi. Har holda, klub ham undagi jarohat haqida xabar bermagan, futbolchi esa muntazam ravishda mashg‘ulotlarda qatnashishda davom etib kelmoqda.

Shampun voqeasi

Aprel o‘rtalarida, Husanov qatorasiga to‘rt o‘yinni o‘tkazib yuborganidan keyin X ijtimoiy tarmog‘ida 73 ming atrofida kuzatuvchiga ega bo‘lgan akkaunt tomonidan juda ishonarsiz va kulgili ma’lumot tarqatildi. Unda go‘yoki Husanov Pep Gvardiola bilan suhbat chog‘ida uni «chempion» demoqchi bo‘lib, «shampun»ga yaqinroq talaffuz qilgani-yu, bu murabbiyning jahlini chiqarib, endi uni transferga qo‘ymoqchi bo‘layotgani aytilgandi.

Ajablanarlisi, absurd ekani ko‘rinib turgan bu versiya ko‘plab nashrlar tomonidan xabar qilib tarqatildi.

O‘sha akkaunt esa keyinroq bu post hazil bo‘lganini, futbolchi bilan nima bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi haqida hazil aralash «taxmin qilingani»ni yozib chiqdi.

Shu bilan birga, shu o‘rinda Husanov ingliz tilini imkon qadar yaxshilashi – Pep bilan munosabatlarini yaxshilashi uchun muhim ekanini ta’kidlash kerak.

Taktik o‘zgarish

Endi masalaning asosiy qismiga yetib keldik. Futbolda himoyachilar tanaffusda yoki tanaffusdan keyin almashtirilishi kam uchraydigan holat. Abduqodir Husanov esa «Siti» o‘yinlarida ikki marta birinchi bo‘limdan keyin almashtirib yuborildi.

«Chelsi»ga qarshi debyut o‘yindagi almashtirish bilan «Bornmut»ga qarshi kubok o‘yinidagi almashtirishning farqi bor. Birinchi holatda murabbiy uning tajovuzkor o‘yinini hisobga olgan holda qizil kartochkadan sug‘urtalanishni istagan, shu bilan birga yosh futbolchiga ikkinchi bo‘lim boshida yana biroz vaqt berib, uning debyuti uzil-kesil barbod bo‘lishiga yo‘l qo‘ymagandi.

Ikkinchi holatda esa muvaffaqiyatsiz birinchi bo‘limdan keyin Gvardiola o‘yinni qutqarish choralarini ko‘rishga kirishdi. U chap qanot himoyasida o‘ynab kelayotgan Gvardiol aslida markaziy himoyachi bo‘lganini eslab qoldi va uni markaziy himoyaning chap tomoniga o‘tkazdi, Diash markaziy himoyaning o‘ng qismiga surilib, Husanovning joyini egalladi.

Chap qanotda Gvardiol o‘rniga Niko O'Rayli tushirildi. Bu o‘zgarish darhol o‘zini oqladi va yosh futbolchining harakatlari o‘yinda burilish yasadi, uning chap qanotdan hujumga faol qo‘shilishi orqali «Bornmut» darvozasiga g‘alaba gollari urildi.

Natijada murabbiy muvaffaqiyatli chiqqan sxemani o‘zgartirmaslikka qaror qildi va bu keyingi o‘yinlarda ham o‘zini oqladi – 6 o‘yinda 5 g‘alaba va bir durang qayd etildi, shundan to‘rt o‘yinda darvoza daxlsizligi saqlab qolindi.

Bu orada futbolchining atrofidagilar ham O‘FA matbuot xizmati rahbari Davron Fayziyevga bergan izohida Gvardiola bilan hech qanday shaxsiy va professional darajada ziddiyat yo‘qligi, murabbiy mashg‘ulotlarda doimiy tarzda unga e’tibor qaratishi, pozitsiyasi bo‘yicha taktik ko‘rsatmalar berishi, jismoniy jihatdan ham Husanovda muammo, pasayish yo‘qligi, o‘yinlarda tushmayotganiga sabab – sog‘lom raqobat ekanini tasdiqlashdi.

Ijara

O‘tgan oy davomida futbolchini goh Italiyaga, goh Ispaniyaga yuborishdi. Xususan, nomini birinchi marta eshitib turgan manbalarimizda uni «Yuventus» yoki «Barselona» ijaraga olishi mumkinligi aytildi.

Lekin bularning barchasi shunchaki mish-mish. Birinchidan, asosiy tarkibda o‘ynamay qolgan har qanday futbolchi haqida bunday gaplar tarqalishi tabiiy holat. Ikkinchidan, «Siti»ning o‘ziga himoyachi kerak. Asosiy tarkibda o‘ynamayotgan bo‘lsa-da, mashg‘ulot jarayonida jamoadagi sog‘lom raqobatni saqlab turishda ham har bir futbolchining o‘rni bor. Qolaversa, katta mablag‘ sarflab sotib olingan futbolchini yarim mavsumdan keyin biror klubga ijaraga berib yuborish klub nufuzga ham to‘g‘ri kelmaydi.

Va nihoyat, futbolchining agenti ham bunday mish-mishlarni qat’iyan rad etib chiqdi.

Endi qachon o‘ynaydi?

Jamoa YECHL yo‘llanmasi uchun kurashayotgan, birorta ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q bo‘lgan davrda yosh futbolchi tajribali hamda yaxshi formadagi Gvardiol va Diashdan keyingi variant bo‘lishi tushunarli hol. Shunday ekan, nafaqat ertaga – APLning navbatdagi turi doirasida «Vulverhempton»ga qarshi o‘yinda, balki mavsum yakuniga qadar qolgan barcha o‘yinlarda ham Husanov zaxirada qoldiriladi.

Katta ehtimol bilan, yozda bo‘lib o‘tadigan klublar o‘rtasidagi jahon chempionati paytida Diashga ko‘proq dam berilishi va Husanovda o‘ynash imkoniyati bo‘lishi mumkin. Shuningdek, keyingi mavsumda, har haftada ikki o‘yin rejimi boshlanganida ham murabbiyda rotatsiya qilish zarurati bo‘ladi va raqiblar uslubidan kelib chiqqan holda Husanovga ishonish mumkin bo‘ladi.

Albatta, buning uchun futbolchi mavsumoldi yig‘inlarida o‘z ustida ko‘proq ishlashi va murabbiylarning ishonchini qozonishi talab etiladi.

Xulosa o‘rnida

Yana yanvar oyi oxiriga qaytamiz. O‘shanda ko‘pchilik Husanov darhol va butunlayga «Siti»ning asosiy tarkib futbolchisiga aylanishiga ishonarmidi? Yo‘q. U jamoaga shunday pallada kelib qoldiki, kadrlar yetishmovchiligidan aziyat chekayotgangan murabbiy uni hech qanday moslashuv jarayonisiz, yetarlicha tayyorgarliksiz «Chelsi»ga qarshi o‘yinga tashlashga majbur bo‘lgandi. Jarohatlar tufayli unda o‘ynatish uchun boshqa futbolchining o‘zi qolmagandi.

Aslida u «Siti»dek katta klub tarkibida maydonga tushishining o‘zi aql bovar qilmas hodisa edi. Angliyada bu yillar davomida, turli yosh toifasidagi jamoalarda, turli ligalarda, turli bosqichlardan o‘tib o‘ynab keladigan minglab yoshlardan faqat sanoqlilariga ushaladigan orzusi hisoblanadi.

U esa bordi, ko‘rdi va kerakli vaqtda yordam berdi. Keyinroq jamoada vaziyat barqarorlashdi, asosiy tarkib futbolchilari qayta boshladi va mantiqiy voqea ro‘y berdi.

Endi esa navbatdagi imkonni kutadi. Chunki klub uni bugun emas, kelajak uchun sotib olgandi.

[lang_uz]O‘xshash yangiliklar[/lang_uz] [lang_ru]Похожие новости[/lang_ru] [lang_en]Similar news[/lang_en]

Hafta oʻyinlari: «Manchester Siti» «Nyukasl»ga qarshi, «Bavariya» «Bayer» mehmoni
Hafta oʻyinlari: «Manchester Siti» «Nyukasl»ga qarshi, «Bavariya» «Bayer» mehmoni
Foto: Getty images MANChESTER SITI – NYuKASL (15 fevral, 20:00) Kecha «Chelsi» Braytonda yutqazgach, kuchli toʻrtlik uchun da'vogarlarda yangi imkoniyat paydo boʻldi, deyish mumkin. Ayni paytda
Sport 20:10, 15-02-2025
Mixaylo Podolyak: «Aslida, normal va qulay muzokara jarayoni ketmoqda»
Mixaylo Podolyak: «Aslida, normal va qulay muzokara jarayoni ketmoqda»
Hennadii Minchenko / Ukrinform / Future Publishing / Getty Images AQSH prezidenti Donald Tramp 2025 yil 20 yanvarda bo‘lib o‘tgan inauguratsiyasidan so‘ng, darhol Putin bilan uchrashish niyati
Dunyo 12:33, 28-02-2025
“Manchester Siti” klubi Abduqodir Husanov haqida hali hech qayerda chop etilmagan maqola e’lon qildi
“Manchester Siti” klubi Abduqodir Husanov haqida hali hech qayerda chop etilmagan maqola e’lon qildi
“Manchester Siti” klubi o‘z ijtimoiy sahifasida, jamoa muxlislarining qalbini tezda zabt etgan yosh futbolchi Abduqodir Husanov haqida ilgari hech qayerda chop etilmagan ma’lumotlar, oilaviy
Sport 22:33, 14-03-2025
Temur Kapadze: “Mening vazifam futbolchilarning ishini osonlashtirish” (intervyu)
Temur Kapadze: “Mening vazifam futbolchilarning ishini osonlashtirish” (intervyu)
Kun podkastining bu galgi sonida O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze bilan 2026 yilgi Jahon chempionatiga chiqish imkoniyati, Srechko Katanetsdan so‘ng jamoada amalga oshirilgan
Sport 15:07, 29-03-2025
Chiroyli turmushning xunuk yakuni va ikkinchi urinishda topilgan baxt: xonanda Ruxshona 31 yoshda
Chiroyli turmushning xunuk yakuni va ikkinchi urinishda topilgan baxt: xonanda Ruxshona 31 yoshda
Xonanda Ruxshona 21 mart kuni 31 yoshni qarshi oldi. Hamisha baxtlidek ko‘rinadigan xonandaning ham o‘ziga yarasha muammolari va armonlari bor. Siz bolalik travmalari bilan ulg‘aygan, erta mehnat
Madaniyat 09:28, 26-03-2025