
Rossiya bozorida aholining eng ko‘p iste’mol qiladigan mahsulotlaridan biri – kartoshka narxi yil boshidan beri keskin oshdi. Ushbu vaziyat, birinchi navbatda, mamlakatda kartoshka yetishtirish hajmining pasayishi, hosildorlikning tushishi va zaxiralarning kamayishi bilan bog‘liqdir.
“Kommersant” nashri tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilning bahorida boshlangan kartoshka tanqisligi bugungi kunga kelib mahsulot narxini rekord darajaga olib chiqdi. Bu yil aprel oyi oxirida kartoshkaning chakana savdodagi narxi 1 kilogramm uchun o‘rtacha 85,4 rublni (taxminan 13 500 so‘m) tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu paytiga nisbatan qariyb 3 barobarga yuqoridir.
Ulgurji narxlarning o‘sishi esa chakana savdodagi narxlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatmoqda. Yil boshidan beri kartoshkaning ulgurji bozordagi narxi 85,2 foizga oshib, 1 kilogrammi uchun 46,3 rublga (7300 so‘m) yetib bordi. Hatto may oyining boshida ushbu raqam yanada yuqorilab, kilogrammiga o‘rtacha 51,1 rubl (8100 so‘m) darajasiga chiqdi. Bu esa o‘tgan yil shu davriga nisbatan 4,4 barobar ko‘proq demakdir.
Rossiyaning “Rusprodsoyuz” tashkiloti ham mazkur ma’lumotlarni tasdiqlamoqda. Unga ko‘ra, 2 may holati bilan kartoshkaning ulgurji narxi 1 kg uchun 47,6 rubl (7 500 so‘m) bo‘lib, so‘nggi bir oy ichida 25 foizga o‘sgan.
Chakana savdo sohasi mutaxassislari bu vaziyatda kartoshka narxlarini barqarorlashtirish uchun hatto zararga ishlashga ham majbur bo‘lishyapti. Chakana savdo kompaniyalari uyushmasi prezidiumi raisi Stanislav Bogdanovning ta’kidlashicha, ko‘pgina do‘konlar arzon turdagi kartoshkani sotib olish narxidan pastroq narxlarda sotishga harakat qilmoqda va shu sababli har bir kilogramm mahsulot uchun taxminan 2 rubl zarar ko‘rishyapti.
Kartoshka narxining oshishiga bir necha muhim sabablar bor. “Rusprodsoyuz” ijrochi direktori Dmitriy Vostrikov bozordagi narxlarning yuqorilashiga sabab sifatida saqlash omborlarining yetishmasligi, energiya ta’minoti xarajatlarining oshishi va zaxiralarning keskin qisqarishini ko‘rsatmoqda.
Rossiya Qishloq xo‘jaligi vazirligi ham ushbu muammoni hal qilish uchun choralar ko‘rmoqda va 2025 yilda kartoshka ekiladigan maydonlarni 2,3 foizga oshirishni rejalashtirgan. Ammo bu yil bahorning sovuq kelishi sababli kartoshka ekish ishlari kech boshlangan, bu esa hosil yig‘ish jarayonining iyun-iyul oylarigacha kechikishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Bozor mutaxassislari va ekspertlari narxlar bilan bog‘liq bu noaniq vaziyat iyun oyining oxiri yoki iyul boshigacha davom etishi mumkinligini aytishmoqda. Ana shu paytda yangi hosilning yig‘ib olinishi boshlanishi va natijada narxlarning pasayishiga umid qilinmoqda.
Ayni paytda aholi orasida esa kartoshkaning narxi bo‘yicha xavotir va norozilik kuchayib bormoqda. Ko‘pchilik oilalar bu vaziyatda moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelib, odatiy iste’mol mahsulotini sotib olishda ham qiyinchilikka duch kelishmoqda.
Shunday qilib, kartoshka inqirozi Rossiyada nainki iqtisodiy, balki ijtimoiy muammoga aylanib bormoqda. Hukumat va tegishli tashkilotlarning ushbu masalaga tezroq yechim topishi aholining farovonligi uchun nihoyatda muhim vazifaga aylandi.