
Rossiya hududlarida uchuvchisiz uchoqlar (dronlar) tomonidan sodir etilgan hujumlar oqibatida 6 may oqshomidan boshlab mamlakatning yirik aeroportlarida kamida 350 ta reys bekor qilingan. Bu haqda Rossiya Turoperatorlari assotsiatsiyasi ma’lum qildi. Aytilishicha, bu cheklovlar jami 60 mingdan ziyod yo‘lovchiga, jumladan xorijiy yo‘nalishlarda – Istanbul va Dubayga uchuvchi yo‘lovchilarga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatgan.
Masalaning boshlanishi Moskvaning eng yirik aeroportlari – Vnukovo, Domodedovo va Jukovskiyda kuzatilgan. Dron hujumi xavfi sababli ushbu aeroportlar reyslarni qabul qilish va jo‘natishni vaqtinchalik to‘xtatgan. Keyinroq Sheremetevo aeroporti ham shu kabi cheklovlarga duch kelgan.
Turoperatorlar assotsiatsiyasi tarqatgan xabarga ko‘ra, aeroportlarning yopilishi nafafat Moskva bilan cheklanib qolgan, balki Sochi, Qozon, Kirov va Nijnekamsk kabi shaharlar aeroportlari ham o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lgan. Shuningdek, Rosaviatsiya ma’lumotiga ko‘ra, Kaluga, Volgograd, Saratov, Samara, Ivanovo, Nijniy Novgorod, Yaroslavl va Tambov shaharlarida ham xavfsizlik maqsadida xuddi shunday choralar ko‘rilgan.
Hodisa bilan bog‘liq ravishda 7 may kuni xorijiy aviakompaniyalar – flydubai, Turkish Airlines, AJet hamda Pegasus kabilarning reyslarida jiddiy kechikishlar va bekor qilish holatlari kuzatildi. Kaluga va Jukovskiy aeroportlarida «Kover» deb nomlangan maxsus reja joriy qilindi. Bu esa, o‘z navbatida, uchish va kelish vaqtining bir necha soatga kechikishiga olib keldi.
Shu bilan birga, ayrim reyslarning qayta yo‘naltirilishi ham qo‘shimcha muammolarni keltirib chiqardi. Moskvaga kelish kerak bo‘lgan samolyotlar Sankt-Peterburgning Pulkovo, Mineralniye Vodi, Ufa, Perm, Saratov va Qozon aeroportlariga qo‘ndirildi. Xususan, Pulkovo aeroportida rejadan tashqari 70 dan ortiq samolyot qabul qilindi. Bu esa aeroport xizmatlarini ishlashda katta navbat va yuklamaga olib kelgan.
Baza nashri yozishicha, Pulkovo aeroportidagi navbatlar traplarning yetishmasligi sababli yuzaga kelgan. Samolyotlar ikki soatgacha o‘z navbatini kutishga majbur bo‘lgan va yo‘lovchilarga hatto suv ham taqdim etilmagan holatlar kuzatilgan. Natijada yo‘lovchilar bir necha soat samolyotlarda qiyin sharoitlarda qolishgan va bu holat ular tomonidan ko‘plab shikoyatlarga sabab bo‘lgan.
Hozirgi vaqtda havo transportidagi mazkur inqiroz nafaqat yo‘lovchilar, balki mamlakatdagi turoperatorlarga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatgani ta’kidlanmoqda. O‘n minglab sayyohlarning rejalari o‘zgarishi natijasida turizm sohasidagi kompaniyalar ham katta moliyaviy zararga uchrashi mumkin.
Hozircha rasmiylar bu vaziyat qachon to‘liq bartaraf qilinishi haqida aniq ma’lumot bergani yo‘q. Ammo Rossiya aviatsiya idoralari xavfsizlik choralari ko‘rilganini va vaziyatni nazorat qilishda davom etishlarini ma’lum qilmoqda.
Foto: Andrey Titov