
Fransiya futboli afsonasi, sobiq “Arsenal” yarim himoyachisi Emmanuel Peti PSJ jamoasiga nisbatan o‘z munosabatini ochiqchasiga bildirib o‘tdi. Uning so‘zlariga qaraganda, klubning avvalidagi mag‘rurlik va individualizm ruhini endi jamoaviylik va ixlos bilan to‘ldirishga harakat qilinmoqda — bu esa Luis Enrikening salohiyati bilan bog‘liq.
"Men Luis Enrikening ishqibozi emas edim. U bilan ‘Barselona‘da bir yil davomida birga bo‘lganman. Lekin hozirda uning PSJda amalga oshirayotgan ishlarini tomosha qilib, haqiqatan ham hayratdaman", — dedi Peti o‘z intervyusida.
Uning taʼkidlashicha, PSJ avvallari unga xursandlik emas, aksincha, maʼnaviy noqulaylik keltiruvchi jamoa bo‘lib tuyulardi. "Ibragimovich jamoada bo‘lgan paytlardanoq, ularning muomalasi, atrofga tarqatayotgan signallari meni ranjitardi. Ular go‘yoki: ‘Bizda pul bor, hammasini sotib olamiz‘, deb turishardi. Shu darajadaki, men televizorni o‘chirib qo‘yardim", — deydi u.
Peti fikricha, futbol — bu nafaqat individual mahorat, balki jamoaviy hamjihatlikka asoslangan o‘yin. "Har bir futbolchi o‘z rolini aniq bilishi kerak. Qoidalarga rioya qilinishi zarur. Agar egomanlik boshqa har qanday his-tuyg‘ulardan ustun kelsa, u holda butun jamoa ichidagi muhit yemiriladi", — deya qayd etdi Peti.
Ayni paytda PSJ bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritayotgan Luis Enrikega esa alohida eʼtirof berildi. Uning nafaqat taktik bilimlari, balki psixologik yondashuvi va jamoa muhitini yaxshilashdagi hissasi alohida taʼrifga loyiq, deb hisoblaydi Peti.
"U tabassum qilishdan tortinmaydi, oddiy inson sifatida o‘zini tutadi. Hatto fransuz tilida gapirishga ham harakat qiladi. Menga shunday tuyulyaptiki, Enrike nafaqat taktika, balki PSJ brendining umumiy imijini ham o‘zgartirish uchun harakat qilmoqda. Bu esa faqat olqishga loyiq", — deya yakunladi fikrlarini Fransiya terma jamoasining sobiq yulduzi.